2025-yil 16–19-iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida Times Higher Education tomonidan tashkil etilgan Global Barqaror Rivojlanish Kongressi (Global Sustainable Development Congress – GSDC) bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu kongress dunyoning 100 ga yaqin mamlakatidan 5000 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, sanoat va nodavlat tashkilotlari vakillarini bir joyga jamlab, barqaror taraqqiyot bo‘yicha ilg‘or tajribalar almashish va amaliy yechimlarni muhokama qilish uchun imkoniyat yaratdi.
Joriy yilgi kongress mamlakatimizdagi 9 ta oliy ta’lim muassasasidan 82 nafar delegatni birlashtirdi, ularning safida O‘zbekiston Milliy universiteti nomidan strategik rivojlanish va xalqaro reyting bo‘limi boshlig’i Alijon Oripov va bo‘limi mutaxassislari Zarina Raxmonova hamda Muhammadali Sayiddiy mazkur kongressda ishtirok etmoqda.
To‘rt kun davom etadigan ushbu yirik tadbir doirasida turli seminarlar, master-klasslar, va panel muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda:
•“Embedding the SDGs in Teaching and Learning” — BRMlarni ta’lim jarayonlariga samarali integratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tajribalar.
•“Partnerships for Sustainable Futures” — barqaror kelajak uchun universitetlararo va sanoat hamkorliklarini rivojlantirish yo‘llari.
•“Green Campuses and Sustainable Infrastructure” — ekologik barqaror kampuslarni yaratish bo‘yicha amaliy tajribalar.
•“THE Impact Rankings: Insights and Trends” — THE Impact reytingi bo‘yicha so‘nggi tahlillar va dunyo universitetlari o‘rtasidagi tendensiyalar.
Mazkur kongress davomida THE Impact Rankings 2025 natijalari ham e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu natijalar universitetlarning BRM doirasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari, ijtimoiy mas’uliyat, ekologik tashabbuslar va global hamkorlik salohiyatini baholashda muhim ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi.

