O‘zMU xotin-qizlar masalalari maslahat kengashi raisi Oliy Majlis Senati tomonidan taqdirlandi
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati binosida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi bir guruh xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari a'zolari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, Ayollar va gender tengligi masalalari bo‘yicha qo‘mitasida doimiy ishlayotgan senator Gulnora Marufova va bir qancha mutaxassislar ishtirok etdi.
26 nafar maslahat kengashi a’zosining mehnati yuqori baholanib, Senat tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Quvonarlisi, O‘zbekiston Milliy universiteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi, dotsent Rustamova Ra'no Parpiyevna ham yil davomida kengash faoliyatini tizimili yo‘lga qo‘yishdagi faol ishtiroki uchun Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva tomonidan imzolangan “Faxriy yorliq” bilan taqdirlandi.
Ma’lumot o‘rnida, Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida 200 ga yaqin Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur maslahat kengashlarida 1450 a’zo faoliyat olib bormoqda.
Tahlillarga ko‘ra oliy ta’lim muassasalaridagi maslahat kengashlari ko‘magida 2023-2024 o‘quv yilida:
– ijtimoiy himoyaga muhtoj 160 ga yaqin ayol pedagog xodimga 820,0 mln so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilgan (uy-joyini ta’mirlash, sog‘ligini tiklash va hokazo);
– ijtimoiy himoyaga muhtoj 6000 ga yaqin talaba-qizning kontrakt pullari to‘lab berilgan (oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan);
– nogironiligi bo‘lgan 950 nafar talabaga ta’lim muassasasining talabalar turar joyidan bepul foydalanish imkoniyati yaratilgan;
– homilador hamda yosh farzandi bor 155 nafar talaba-qizning murojaatiga asosan ularga onlayn shaklda ta’lim olish imkoniyati yaratilgan;
– yosh farzandi bor 300 ga yaqin talaba-qizning farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli joylashtirishda ko‘mak berilgan.
O‘zMU Axborot xizmati