Bugungi kunda yoshlarimiz Olimpiya, Jahon va Osiyo o‘yinlari hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashib, yuksak natijalarga erishib kelmoqdalar. Jumladan, respublikamizda dzyudo sport turining jadal ravishda rivojlanib, yoshlar o‘rtasida yanada ommalashib borayotgani ayniqsa e’tiborga loyiqdir.
Bugun, 5-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy universiteti sport majmuasida Olmazor tumanidagi umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida dzyudo sport turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni sportga jalb qilish maqsadida tashkil etilgan musobaqada tumandagi 1-, 11-, 15-, 111-, 119- va 243-sonli maktablardan 143 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari faol ishtirok etib, o‘zlarining mahorat va shijoatlarini namoyon qildi.
Musobaqaning final qismida murosasiz kechgan bellashuvlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, universitet rahbariyati va homiylar tomonidan sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bugungi musobaqada ishtirok etgan yoshlarimizning qobiliyat va iste’dodlarini hisobga olgan holda, jismoniy tarbiya va sportga oid ko‘nikmalarni shakllantirish, respublika va xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishadigan hamda O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibida ishtirok etadigan iqtidorli sportchilarni tayyorlash asosiy maqsadlardan biridir.