Bugun, O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazida universitetda tahsil oluvchi talaba-yoshlar o‘rtasida “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasining “Rektor kubogi” o‘tkazildi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida universitet rahbariyati, Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi rahbar-xodimlari, harbiy xizmatchilar, talaba-yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar universitetda yoshlarni sportga keng jalb etish, jismonan va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini, yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik ishlarini yaxshilashda «Shunqorlar» harbiy-sport musobaqasining muhim o‘rin tutishi haqida fikr bildirishdi.
Shundan so‘ng musobaqaga start berildi. Barcha fakultetlardan 11 ta jamoa ishtirok etdi. Ular safda yurish va harbiy qo‘shiqlar aytish, balon sudrash, turnikda tortilish, armrestling, avtomatni ajratish va yig‘ish, tosh ko‘tarish va arqon tortish kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti jamoasi mutlaq g‘olib bo‘lib, rektor kubogi hamda 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Ijtimoiy fanlar fakulteti jamoasi 2-o‘rinni egalladi, Matematika fakulteti jamoasi esa 3-o‘ringa munosib deb topildi. 2-o‘ringa 8 mln so‘m, 3-o‘ringa 6 mln so‘m pul mukofoti berildi.
Yigitlar harbiy-sport bellashuvlari davomida yurt posbonlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, harbiy hayot tarzi, muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat haqidagi taassurotlari bilan yaqindan tanishish, komandirlar bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Fotolavhalar:
O‘zMU Axborot xizmati