Bugun, 12-dekabr kuni Pekinning Renmin Universiteti vitse-prezidenti Chji Syaotsyan boshchiligidagi delegatsiya Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi.
Xorijiy hamkorlarni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov boshchiligidagi universitet rahbariyati qabul qildi.
“Maʼlumki, mazkur universitet bilan 2022 yilda memorandum imzolangan bo‘lib hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar o‘quv jarayoniga taklif etilmoqda, talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi hamda hamkorlikda xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda.”
Bugungi uchrashuvda tomonlar Xitoyning “Bir yo‘l-bir makon» tashabbusi va Yangi O‘zbekiston-2030 rivojlanish strategiyasini integratsiyalash bo‘yicha qo‘shma O‘zbek-Xitoy ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar Markazini tashkil qilish hamda Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqilgan Loyihani muhokama qildilar.
Xitoy universitetlari tajribasi asosida samarali boshqaruv usullari va texnologiyalarini o‘rganish, turli yo‘nalishlarda startap loyihalarni rivojlantirish, yosh tadqiqotchilar forumini o‘tkazish, O‘zbekistonning Havas, Zomin, Arnasoy, Forish kabi hududlarida turizm imkoniyatlarini hamkorlikda rivojlantirish kabi bir qator vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan markaz kelgusida ikki davlat va ikki universitet o‘rtasida ilmiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar mazkur markazga O‘zMU tomonidan koordinator etib ijtimoiy fanlar fakulteti dekani K.Inakovni belgilashdi hamda bidirilgan takliflar asosida loyihani boyitish va kengaytirishga kelishib oldilar.
O`zMU Xalqaro aloqalar bo`limi