Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2021-yil 15–16-iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Forumning asosiy maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixan yaqin va do‘stona aloqalarni, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni ikki mintaqa xalqlari va mamlakatlari manfaatlari yo‘lida mustahkamlashdan iborat.

Konferensiya ishida O‘zbekiston Prezidenti, Afg‘oniston prezidenti, Pokiston bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, boshqa xorijiy davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliyaviy institut va kompaniyalar, yetakchi ilmiy-tadqiqot va tahliliy markazlarning rahbarlari ishtirok etishdi.

Konferensiyaning betakrorligi ko‘p omillar bilan belgilanadi: Shu kungacha Afg‘oniston, Janubiy Osiyo mintaqalari tashqi siyosatda alohida yo‘nalish deb belgilanmagan edi. Siyosatshunoslarning fikri bilan aytganda, buni yangi yondashuv, yangi konsepsiya, yangi geostrategik nazar desa bo‘ladi.

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan eng yuqorida saviyada tashkil qilingan konferensiyada o‘tgan asrlar davomida g‘arbiy, shimoliy, sharqiy mintaqalarga qaratilgan tashqi siyosatimiz endi bir asr davomida muayyan sabablar bilan e’tiborsiz qoldirilgan, to‘xtalgan aloqalarni yangidan tiklash borasida edi. Tarixiy ildizlarga tayangan holda yangi tarixiy sharoitlarda Markaziy Osiyoning Janubiy Osiyo bilan aloqalarini tiklashi qanchalik katta ahamiyat kasb etishini ushbu konferensiya isbotlab berdi.

Prezidentimizning fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyo bog‘lansa, Janubiy yo‘nalishda transport karidorlari, jumladan Afg‘oniston orqali temir yo‘llari barpo etilsa, biz uchun eng yaqin port hozirgidek 20 kun emas, 2 kun bo‘ladi. Iqtisodchilar tili bilan aytganda, multiplikatsion effektga ega iqtisodiy foyda yuzaga keladi. 50 ga yaqin davlat, 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, eng nufuzli moliyaviy tashkilotlarning vakillari konferensiyaning ahamiyatini nafaqat mintaqa uchun, balki global miqyos uchun muhimligini to‘la angladilar.

“Umumiy maqsadimiz bitta: biz Afg‘oniston zaminida tezroq tinchlik va barqarorlik qaror topishini istaymiz va bu bo‘yicha ko‘p masalalarni kelishib oldik. Termiz – Mozori Sharif – Qobul – Peshovar temir yo‘lini qurish masalasi bo‘yicha ham kelishib oldik”, – deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida.

Toshkent konferensiyaning katta yutug‘i – Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga Pokistonning xayrixohligiga erishish bo‘ldi. Zero Pokiston har doim ham Tolibon masalasida hamfikr bo‘lgan emas.

Namoz RASULOV

O‘zMU Jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi