Bugun, 11-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakultetida “Chotqol” davlat biosfera qo‘riqxonasi xodimlari hamda Ekologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari ishtirokida ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Ekologiya kafedrasi mudiri Vafabay Sherimbetov sana munosabati bilan tadbir ishtirokchilarini qutladi.
Biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Ziyadov O‘zbekiston Respublikasidagi qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar hamda ularning ilmiy-amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda ushbu sana 1997-yilda Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish markazi va Butunjahon yovvoyi tabiat fondi tashabbusi bilan tashkil etilgani hamda shu yildan buyon Xorijiy davlatlarda va bizning mamlakatimizda ham keng nishonlanib kelinayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “Chotqol” davlat biosfera qo‘riqxonasi katta ilmiy xodimi Aleksand Yesipov qo‘riqxona faoliyati va uning ilmiy-amaliy ahamiyati xususida to‘xtaldi.
Ekologiya kafedrasi dotsenti Manzura Kamalova respublikamizda yer maydoni bo‘yicha eng katta hududga ega bo‘lgan “Hisor” davlat qo‘riqxonasining faoliyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
Sana munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir munozara va savol-javoblar bilan yanada qizg‘in tus oldi.
O‘zMU Axborot xizmati