Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

QS xalqaro reyting agentligi Markaziy Osiyo mintaqaviy direktori O‘zMUda bo‘ldi

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov QS xalqaro reyting agentligi Markaziy Osiyo mintaqaviy direktori Sergey Xristolyubovni qabul qildi. Mehmon universitet jamoasini QS Subject reytingidagi soʻnggi natijalar bilan tabrikladi. Erishilgan yutuqlar hamda mavjud kamchiliklar ustida ochiq va konstruktiv muhokama olib borildi.

S.Xristolyubov universitet rahbariyati va tegishli bo‘lim vakillarini reytingning navbatdagi bosqichiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishtirib, xalqaro reytinglarda raqobatbardoshlikni oshirishga doir bir qator foydali tavsiyalar berdi.

Universitet jamoasi olib borayotgan tashabbuslar yuqoriligini alohida ta’kidladi. Har yili QS reytingida ishtirok etish uchun 30 mingdan ortiq universitetlar ariza topshiradi. Oʻzbekiston Milliy universitetining bu darajadagi yutuqlari juda katta muvaffaqiyatdir. Universitet xalqaro maydonda o‘zining salohiyati va jamoaviy sa’y-harakatlari bilan ajralib turibdi, – deydi Xristolyubov.

Uchrashuv yakunida QS reyting agentligi vakili Oʻzbekiston Milliy universitetining QS World University Rankings reytingida 781-790-o‘rinlarni egallagani munosabati bilan esdalik statuetkasini tantanali ravishda rektor Inom Madjidovga topshirdi. Ushbu yutuq universitetning so‘nggi yillarda xalqaro maydondagi faolligi, ta’lim sifatini oshirish va barqaror rivojlanish borasidagi tashabbuslari natijasi ekanligi ta’kidlandi.

Shuningdek, kelgusidagi hamkorlik rejalari, yangi yo‘nalishlar va ilg‘or amaliyotlar asosida reytingdagi natijalarni yanada yaxshilash borasida zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

 

O‘zMU Axborot xizmati