Rasmiy munosabat

“ELTUZ” Telegram kanalida e’lon qilingan post yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bitiruvchilar uchun diplomlarini shakllantirish, tasdiqlash va nashr etish ishlari boshlangan emas, negaki yakuniy davlat attestatsiyalari tugamagan.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bitiruvchi kurs talabalari uchun yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazish muddati 2024-yil 15-iyunga qadar belgilangan va undan keyin diplom rasmiylashtiriladi.

Bitiruvchilarning diplomlarini shakllantirish, diplom ilovalariga baholarni qayd etish avtomatik ravishda HEMIS axborot tizimi orqali amalga oshiriladi, hech qanday qo‘lda ko‘chirib berilmaydi.

Diplom HEMIS axborot tizimida shakllanganidan keyin talaba ixtiyoriy joydan Internet orqali o‘zining shaxsiy akkauntiga kirib yoki JSHSHIR raqamini tergan holda diplom, uning ilovasini PDF shaklida biron kishiga murojaat yoki to‘lov qilmasdan muammosiz yuklab olishi mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy universitetida bitiruvchi talabalarga diplomlarni shakllantirish, rasmiylashtirish va taqdim etish uchun o‘tgan yillarda ham, bu yil ham hech qanday to‘lov joriy qilinmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur xabar asossiz ekanligini ma’lum qilamiz.

O‘zMU Axborot xizmati