Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Rektor Jizzax shahridagi universitetga biriktirilgan ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi

Kuni kecha, 6-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov universitetga biriktirilgan Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida bo‘ldi.

Tashrif doirasida ijod maktabi rahbariyati va pedagogik jamoa bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda ayrim fanlar bo‘yicha universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan maktab o‘qituvchilari uchun mahorat darslari tashkil etish, shuningdek, matematika, kimyo, biologiya, informatika, chet tillari hamda ona tili va adabiyot fanlaridan xalqaro va respublika fan olimpiadalariga o‘quvchilarni hamkorlikda tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, maktab o‘qituvchilariga ilmiy maqolalar va uslubiy qo‘llanmalar tayyorlashda masofaviy maslahat darslarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

So‘ng rektor O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filialiga borib, ushbu muassasa faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida yaqinda kapital ta’mirdan chiqarilib foydalanishga topshirilgan faollar zali, kutubxona hamda kompyuter sinflari ko‘zdan kechirildi. O‘quv jarayonini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli mas’ullarga taklif va tavsiyalar berildi.