Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Rektor mahallalardan biriktirilgan yoshlar bilan uchrashdi

Bugun, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Olmazor tumanidagi “Abu Bakr Shoshiy”, “Hazrati Imom”, “Ahil” va “Chamanbog‘” mahallalaridan biriktirilgan yoshlar hamda ularning ota-onalari bilan uchrashib, muloqot qildi.

Uchrashuv avvalida biriktirilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, bildirgan murojaatlari yuzasidan shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Yoshlar bandligiga ko‘maklashish, ularning kasb-hunar egallashi, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilishi, xorijiy tillarni o‘rganishi hamda turli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi.

Universitet rektori tegishli mas’ullarga moddiy ko‘makdan tashqari mahalladagi yoshlarni universitetdagi sport, tikuvchilik va boshqa yo‘nalishlardagi to‘garaklarga jalb qilish, o‘quv jarayonlari va laboratoriyalar faoliyati bilan tanishtirib borish lozimligini ta’kidladi. “Chamanbog‘” mahallasida istiqomat qiluvchi Jasurbek Rahmonovga noutbuk berilib, IT ni o‘rganishi uchun universitetdan mutaxassis biriktirildi.

Uchrashuv yakunida mahallalardan biriktirilgan yoshlar, ularning ota-onalari va yaqinlari bilan fikr almashildi, muammo va takliflari tinglandi.

Ma’lumot o‘rnida, alohida ishlash talab etiladigan yoshlarni mas’ul rahbarlarga nomma-nom biriktirish amaliyoti “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” Prezident Farmoniga muvofiq joriy etilgan.

O‘zMU Axborot xizmati