Bugun, 1-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov universitet infratuzilmasini yaxshilash va talabalar uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash maqsadida bir qator ob’yektlarda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Dastlab rektor sport kompleksiga tashrif buyurib, yangidan ta’mirlangan sport zallarini ko‘zdan kechirdi. Zamonaviy jihozlar, xavfsizlik standartlari va mashg‘ulotlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishar ekan, u katta sport maydonini ta’mirlash va uni talabalarga yanada qulay holatga keltirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatdi.

Shundan so‘ng rektor yangicha talabalar ehtiyoji va zamonaviy me’yorlarga mos holda barpo etilgan 7-yotoqxonaga tashrif buyurdi. Bu yerdagi yashash sharoitlari, sanitariya holati, xavfsizlik choralari, shuningdek, qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, jumladan isitish tizimlarining holati atroflicha o‘rganildi.

Tashrif doirasining navbatdagi manzili – qurilish ishlari yakunlanish arafasida turgan 9-yotoqxona bo‘ldi. Rektor obyektdagi so‘nggi bosqich ishlari bilan tanishib, uni belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash va talabalar uchun qulay sharoitlarni ta’minlash yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.
O’zMU Axborot xizmati