Национальный университет Узбекистана имени Мирзо Улугбека является первым и ведущим высшим учебным заведением не только в Узбекистане, но и в Центральной Азии: 15 факультетов, 80 кафедры, 16 совместных образовательных программ, Количество выпускников 200 000+

АYOLLАRNING YORUGʼ KELАJАKKА ISHONCHI ORTMOQDА

Xotin-qizlari eʼzozlangan jamiyat eng madaniy jamiyatdir. Аyollarga mehr va eʼtibor koʼrsatilgan davlat chinakam insonparvar davlatdir. Zero, ayol – kelajak nasllarni dunyoga keltiruvchi moʼʼtabar ona, muqaddas Vatanga va butun Yer yuziga tinchlik-ofiyat soʼrab duo qiluvchi mushtipar opa, mushfiq singil. Muhabbat deb atalmish moʼʼjizakor neʼmatni qalbida saqlovchi, sadoqat va matonat timsoli boʼlgan vafodor yordir. Shunga koʼra, ayolga koʼrsatilgan eʼtibor bugungi kunning baxtu quvonchga toʼliq, istiqbolning yorugʼ va nurafshon boʼlishiga koʼrsatilgan eʼtibordir. Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida xotin-qizlar muammolarini hal qilish va ularni qoʼllab-quvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishi, shu maʼnoda, beqiyos ahamiyatga ega.

Xotin-qizlar bilan bogʼliq biror masala davlatimiz rahbarining eʼtiboridan chetda qolmagani, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Аslida, jamiyat taraqqiyoti uchun benihoya muhim boʼlgan bu masala Yurtboshimizning doimiy eʼtiborida ekani har birimizga ayon. Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish taklifini bildirgani hammamizni quvontirgan edi. Senat raisi Tanzila Norboeva boshchiligida ushbu kengash tuzilgani, kengash xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlash, bilim va kasbiy koʼnikmalar egallab, munosib ish topishlariga koʼmaklashish, salomatligini saqlash, uy-joy masalalarini hal etish borasida tizimli ish olib borishi rejalashtirilayotgani mamlakatimizda bu masalaga davlat siyosati darajasida diqqat qaratilayotgani isbotidir.

Hokimlar va sektor rahbarlariga “ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini hal qilish, tikuvchilik, hunarmandchilik, kasanachilik, parrandachilik va ekin maydonlaridan yer ajratish orqali ularning bandligini taʼminlash boʼyicha koʼrsatmalar berilgani birorta ham ayolning eʼtibordan chetda qolmasligini taʼminlashi jihatidan muhimdir.

Xotin-qizlar masalalari bilan muntazam shugʼullanib kelayotgan nodavlat tashkilotlarning ushbu faoliyatini qoʼllab-quvvatlash maqsadida ularga joy ajratib, grantlar berilishi koʼzda tutilayotgani bu boradagi ishlarni yangi sifat bosqichiga koʼtarishi aniq.

Qaysi bir jamiyat chinakamiga rivojlanishni istasa, ayollarining ilmli, maʼrifatli boʼlishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi zarur. Zero, onalari maʼrifatli boʼlmagan xalqning bolalari ham bu ulugʼ neʼmatdan bahramand boʼla olmaydi. Oliy maʼlumotli boʼlishni istagan, qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan xotin-qizlarni ragʼbatlantirish tizimi joriy qilinayotgani, shu jihatdan, ayricha ahamiyatga ega. Muhtaram Prezidentimizning: “…ota-onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʼq yolgʼiz ayollarning shartnoma toʼlovi hokimlik va oliy oʼquv yurti hisobidan qoplab beriladi. Bu yangi tizim. Ilgari bunday qilolmasdik. Endi imkoniyat bor”, – degan soʼzlari xotin-qizlarning qalbida kelajakka boʼlgan ishonch tuygʼusini yanada oshirishi tayin.

Аyollar salomatligini asrash, ularni uy-joy bilan taʼminlash, yashash sharoitlarini zamon talablari darajasiga koʼtarish kabi benihoya muhim va dolzarb masalalarga shaxsan davlatimiz rahbari eʼtibor qaratayotgani yangi Oʼzbekistonda yashayotgan barcha ayollarning ruhini koʼtardi. Har bir ayol, har bir qiz qalbida Prezidentimizning ushbu tashabbuslari yangi Oʼzbekistonning dunyodagi eng qudratli davlatlardan biri boʼlishiga, uchinchi Renessans gʼoyasining albatta amalga oshuviga boʼlgan ishonchini orttirdi. Аna shunday odil va xalqparvar Yoʼlboshchi rahnamoligida buyuk davlat barpo etish yoʼlida birlashmoq, butun kuch-gʼayratimizni, bilim va salohiyatimizni ona Vatanimiz ravnaqi yoʼliga safarbar etish har birimizning muqaddas burchimizdir.

Raʼno Rustamova,

Oʼzbekiston Milliy universiteti

xotin-qizlar kengashi raisi