Xabar berganimizdek, ayni kunlarda Parij shahrida “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston-Fransiya ko‘prigi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda. Mazkur nufuzli anjumanda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov boshchiligida universitetimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Parij XIII Shimoliy Sorbonna universiteti (Université Sorbonne Paris Nord) o‘rtasida akademik mobillik bo‘yicha bitim imzolandi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, Sorbonna universiteti olimlari bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshiriladi, O‘zMU professor-o‘qituvchilari mazkur xorij muassasasiga malaka oshirishga yuboriladi. Shuningdek, lingvistika, ijtimoiy fanlar, etnologiya, huquq, iqtisod, matematika, fizika fanlari bo‘yicha bakalavr va magistratura yo‘nalishlarida qo‘shma talim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Parij XIII Shimoliy Sorbonna universiteti Fransiyaning Parij shahrida joylashgan davlat universitetidir. 1968-yili tashkil topgan. Parij universiteti o‘rnini egallagan o‘n uchta oliygohdan biridir.
O‘zMU Axborot xizmati