Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

“Sun’iy intellektning dori vositalarini kashf etishdagi roli”







Ma’lumki, universitetning xalqaro reytinglarda yuqori o‘rin egallashida xalqaro tadbirlar, ayniqsa ilmiy seminar va konferensiyalar, muhim o‘rin tutadi. Farmatsevtika va sun’iy intellekt bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etish universitetni THE va QS reytingidagi “Innovatsiya va sanoat hamkorligi” mezonida yuqori pog‘onalarga olib chiqishi mumkin. Shu munosabat bilan, bugun 18-dekabr kuni, O’zMU Biologiya va ekologiya fakulteti Biokimyo kafedrasi “Yosh biokimyogarlar” klubi hamda strategik rivojlanish va xalqaro reytinglar bo‘limining “NUU Public Talks” klubi  tomonidan “Sun’iy intellektning dori vositalarini kashf etishdagi roli” mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi.

Seminarni O’zMU xalqaro aloqalar bo’yicha prorektori Raima Shirinova kirish so’zi bilan ochib berib, bu kabi xalqaro darajadagi seminar treninglarni o’tkazilishi, universitetning dunyo miqyosida yanada tanilishiga olib kelishini ta’kidlab o’tdi.

“Seminarning asosiy ma’ruzachisi Massachusets Texnologiya Instituti (MIT) va Garvard universitetining Broad instituti tadqiqotchisi, Yaponiya va AQShning Neyrologiya, Fiziologiya va Biofizika jamiyatlari a’zosi, PhD Erkin Kurganov bo‘ldi”

Ma’ruzachi sun’iy intellektning rivojlanish tarixi, farmatsevtik tadqiqotlarda qo‘llanilishi va uning dori vositalarini kashf qilishdagi yangi imkoniyatlari haqida qimmatli ma’lumotlar taqdim etdi. U sun’iy intellektning murakkab biologik ma’lumotlarni tahlil qilish, molekulyar jarayonlarni modellashtirish va yangi dori vositalarini ishlab chiqish jarayonini optimallashtirishda qanday rol o‘ynashi haqida batafsil tushuntirdi..

“Seminar davomida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:

– Sun’iy intellekt kasallik bilan bog‘liq genlar va oqsillarni aniqlashda yordam beradi.

– Sun’iy intellekt millionlab kimyoviy birikmalarni tahlil qilib, istiqbolli dori nomzodlarini aniqlashni sezilarli darajada tezlashtiradi.

– Tadqiqotlarning samaradorligini oshiradi va xavflarni kamaytiradi.

– Har bir bemorning genetik va biologik xususiyatlariga mos davolash rejalarini ishlab chiqish imkonini beradi.”

Tadqiqotchi Erkin Kurganov sun’iy intellekt yordamida Schizophrenia kasalligi kabi muhim sohalarda erishilgan amaliy natijalar haqida misollar keltirdi. Shuningdek, sun’iy intellektning farmatsevtik jarayonlarda innovatsion yondashuvlar va yangi kashfiyotlar uchun imkoniyatlarni kengaytirayotgani haqida so‘z bordi.

“Umuman olganda, tadqiqotning kelajagini Sun’iy intellektsiz tasavvur qila olmayman. Ishonamanki, odamlar biotibbiy tadqiqotlar ustida chuqurroq izlanishlar olib borishadi, sun’iy intellekt esa takliflar bilan bu vazifani osonlashtiradi” – Erkin Kurganov.”

Seminarda Biologiya va ekologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda Biokimyo kafedrasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan Biofizika va biokimyo instituti, Bioorganik kimyo instituti, Ilg’or texnologiyalar markazi, AKFA university, ToshPTI Akademik litseyi, TTA Akademik litseyi, Sirojiddinnov nomidagi Akademik litseyi va bir qator maktab o’quvchilari ishtirok etishdi.

Seminar davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt va farmatsevtika o‘rtasidagi bog‘liqlik, uning kelajakdagi istiqbollari, shuningdek, ma’lumotlarning ishonchliligi va axloqiy masalalar yuzasidan o‘z savollarini berdi. Bu muloqot davomida sun’iy intellektning O‘zbekiston farmatsevtika sohasidagi qo‘llanilishi va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro aloqalar bo`limi