Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Surdo tarjimon hamkorligidagi maʼruzalar

Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universitetida tajriba tariqasida eshitishida nuqsoni bor talabalar uchun yana bir qulaylik yaratildi.

Hali faoliyatini boshlaganiga uncha koʼp boʼlmagan “Taekvando va sport faoliyati” fakulьtetida bugungi kunda Oʼzbekiston sharafini himoya qilib kelayotgan talay yoshlar tahsil olishadi. Ular orasida 9 nafar Jahon chempioni, 10 nafar Osiyo chempionlari va 100 dan ortiq Oʼzbekiston chempionatlari hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalarining gʼolib, sovrindorlari bor. Nuriddin Davlatov va Farxod Umurzoqovlar 2021 yil 24-28 mart kunlari Manchester (Аngliya) shahrida Para Pauerlifting sport turi boʼyicha Jahon kubogida 1 oʼrinni egalladi. Rio da oʼtkazilgan Paralimpiya oʼyinlari ishtirokchisi Аzizbek Аbdulxabibov esa 2021 yilda Tokio (Yaponiya) shahrida boʼlib oʼtadigan Paralimpiya oʼyinlari yoʼllanmasini qoʼlga kiritdi. Bundan tashqari talaba-yoshlar orasida 2 nafar Zulfiya davlat mukofoti sohibalari, 1 nafar “Yil talabasi 2020” Respublika tanlovida “Yilning eng faol sportchi talabasi” nominatsiyasi koʼrik tanlovi gʼolibi, 1 nafar “Innovatsion gʼoyalar yetakchisi” koʼrik tanlovining gʼolibligini qoʼlga kiritgan talabalar tahsil olmoqda. 7 nafar talaba esa Tokiodagi musobaqalarga yoʼllanmani qoʼlga kiritish uchun harakat qilmoqda.

Universitetda imkoniyati cheklangan talabalarga nazariy bilimlarni olishlari uchun qulayliklar yaratish borasida talay ishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy oʼquv yilining ikkinchi yarmida eshitishda nuqsoni bor talabalar darslarni qulay imkoniyatlarda oʼzlashtirishlari uchun nazariy mashgʼulotlarni maʼruza oʼqituvchisi bilan birga surdo tarjimon olib borishi yoʼlga qoʼyildi.

Eshitishda nuqsoni bor talabalar maʼlumotlarni eshitishdan koʼra koʼproq koʼrib qabul qilishadi. Darslarni ham koʼrib, kuzatib oʼzlashtiradilar va amalda sinab koʼradilar. Oʼzlariga kerakli boʼlgan bilimlarni harakatlarda koʼrib, maxsus oʼquv dasturlari orqali fanlarni tez va qulay oʼrganadilar. Bunda surdopedagog va surdo tarjimonlarning yordamlari katta boʼladi.

Bugungi kunda “Taekvando va sport faoliyati” fakulьtetida surdo tarjimonga ehtiyoji bor 9 nafar talaba oʼqiydi. Surdo tarjimon talabalarga nazariy bilimlarni yetkazish bilan birga ularni qiziqtirgan masalalarda ham maʼlumotlar olishida hamkorlik qilmoqda. Talabalar bu qulaylikdan minnatdor.

OʼzMU Аxborot xizmati