Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Talaba-qizlar universitet qoshidagi tikuvchilik o‘quv markazida hunar o‘rganmoqda

O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Tikuvchilik o‘quv markazi 2 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Bu vaqt oralig‘ida mazkur markazda 400 nafarga yaqin talaba-qizlar bichish-tikish sirlarini o‘rganib, oddiy chok turlaridan murakkab fason andozalarini yaratish bo‘yicha ko‘nikmaga ega bo‘lishgan.

Mazkur o‘quv markazida barcha fakultetlardan talaba-qizlar kelib, o‘qishdan tashqari vaqtda haftada uch kun, ikki smenada tahsil olishadi.

Markaz tahsil ko‘ruvchilari o‘quv jarayoni mobaynida o‘lchov olish, chizma chizish va andoza tayyorlash, gazlama bichish, tikish, dazmollash, pardozlash, modellashtirish hamda tikuv mashinasidan to‘g‘ri foydalanish sirlarini osonlashtirilgan uslubda o‘rganib malakali mutaxassisga aylanib borishmoqda.

Bugungi kunda Tikuvchilik o‘quv markazi talaba-qizlari ustozlar ko‘magi bilan talabalar yotoqxonasi uchun maxsus yotoq choyshablari, to‘shaklar, pardalar, shuningdek, Biologiya, Kimyo va Fizika fakultetlari jamoalariga oq xalatlar tikib tayyorlab berishmoqda.

“Tikuvchilik buvilarimizdan qolgan meros, azaliy hunarlardan biri hisoblanadi. Avvallari kelinlikka, oilaga tayyorlanayotgan qizlarning barchasi bu hunarning sir-asrorlarini bilishi shart bo‘lgan.

Talaba-qizlarimizning o‘quv markazimizga kelib hunar o‘rganishi, ko‘nikmalarini oshirishi quvonarli, albatta. Mo‘jaz muassasamiz faoliyati xotin-qizlarga berilayotgan e’tiborning namunasidir”, deydi o‘quv markazi rahbari Dono Abidova.

O‘zMU Axborot xizmati