
O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari uchun Adiblar xiyobonida “Milliy qadriyatlar sayli” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi – yoshlarni milliy an’analar, qadriyatlar, san’at va madaniyat bilan yaqindan tanishtirish, ularning estetik didi va badiiy savodxonligini oshirishdan iborat bo‘ldi. Eng asosiysi, bu kabi sayllar talabalarning Vatanga bo‘lgan mehrini, milliylikka daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.



Tadbir Sharqona kuy-qo‘shiqlar va milliy liboslarda ishtirok etgan talabalar yurishi bilan boshlandi. Unda barcha fakultetlardan faol talabalar ishtirok etib, o‘z iqtidorlarini ko‘rsatishdi. Fakultet dekanlari va professor-o‘qituvchilar tabrik so‘zlari bilan qatnashdi.





Dastur davomida sahna ko‘rinishlari, badiiy chiqishlar, jonli ijrodagi qo‘shiqlar namoyish etildi. Talabalar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar va sahna chiqishlari milliy qadriyatlarimizni yoshlar nigohi bilan namoyon etdi.
Shuningdek, sport bellashuvlari – arqon tortish, voleybol, stol tennisi kabi musobaqalar orqali talabalarning jismoniy faolligi rag‘batlantirildi. “Zakovat” intellektual o‘yini va “Bilimlar estafetasi” esa ularning bilim va tafakkurini sinovdan o‘tkazdi.
“Milliy qadriyatlar sayli” talaba-yoshlar uchun nafaqat maroqli dam olish, balki o‘z madaniy merosini chuqur anglash, o‘zligini his qilish imkonini ham berdi.
O‘zMU Axborot xizmati