21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti talabalari yashovchi qarashli 6-sonli talabalar turar joyida “Til – millat ko‘zgusi” mavzusida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirni universitet birinchi prorektori Jabbor Muhammadiyev ochib, barcha professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlarni ushbu sharafli sana bilan samimiy tabrikladi. U o‘z chiqishida davlat tilining milliy o‘zlik va ma’naviyatni yuksaltirishdagi o‘rni hamda yoshlar zimmasidagi ulkan mas’uliyat haqida ta’kidlab o‘tdi.

So‘ngra Tarix fakulteti dekani A.Muminov o‘zbek tilining kelib chiqishi, rivojlanish tarixi, davlat tili maqomi berilish jarayonidagi murakkabliklar hamda bugungi kunda til siyosatini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.

Bayram dasturida talaba-yoshlar kuy-qo‘shiqlar ijro etdi, milliy raqslar namoyish qilindi. Shuningdek, tadbirga mehmon sifatida tashrif buyurgan Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari Vatan, til va millat madhiyasi bo‘lgan she’rlarni jo‘shqinlik bilan o‘qib eshittirdi.

Tadbir so‘ngida universitet va fakultet rahbariyati talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganib, ularning qiziqishlari, muammolari, taklif va mulohazalarini tingladi. Talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
