Taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboyev 80 yoshda

Milliy matbuotimiz tarixida o‘z ijodiy maktabini yaratgan, hayotini so‘z san’ati va haqiqatga baxshida etgan fidoyi inson, zabardast publisist, O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi dotsenti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyevning 80 yillik yubileyi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy anjumanlar tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati vakillari ustoz jurnalistni yubileyi tabriklab, ularni yuksak ehtirom ko‘rsatdi. Ustozning bosib o‘tgan hayot yo‘li, soha rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, bugungi yosh jurnalistlar uchun berayotgan saboqlari chinakam ibrat maktabi ekani ta’kidlandi.


O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilgan adabiy anjumanda turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlarining vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar taklif etildi.
Ahmadjon Meliboyevning “Bir zaminda yashaymiz”, “Umidli dunyo”, “Yolg‘iz yashab bo‘lmaydi”, “Hushtakni kim chaladi?”, “Umr – uchar yulduz”, “Torning cho‘michdan farqi”, “Suvora sog‘inchi”, “Qirq beshinchi bekat”, “Qabohat to‘ri”, “Rizq daraxti”, “O‘zingni o‘zing boshla” nomli publisistik to‘plamlari, “O‘ng‘or ertaklari”, “Safed Buloq hikoyalari” nomli nasriy asarlari, yosh jurnalistlar uchun 6 ta o‘quv qo‘llanmasi e’lon qilingan.

Ahmadjon Meliboyev milliy jurnalistikamizga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning 2004 yili “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi tahririyatida tashkil etilgan “Mahorat maktabi” bugun o‘z faoliyatini O‘zbekiston Milliy universitetida davom ettirmoqda. Shu yillar ichida ushbu maktabda ko‘plab jurnalistlar tahsil oldi. Tajribali ustoz sifatida Ahmadjon aka o‘zi rahbarlik qilayotgan “Mahorat maktabi”da iqtidorli talabalar va yosh o‘qituvchilarga mahorat sirlarini o‘rgatmoqda.


Shu kungacha milliy matbuotimizda Ahmadjon akaning dolzarb mavzudagi mingga yaqin maqolasi e’lon qilingan. Deyarli har haftada ustoz jurnalistning milliy ma’naviyatimizga oid yangi maqolasini milliy matbuot sahifalari orqali o‘qish mumkin.

Ahmadjon Meliboyev 2018 yilda oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi pedagog” respublika tanlovida, 2019 yilda “Oltin qalam” milliy tanlovida g‘olib bo‘lgan.
O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” doimiy ekspozisiyasining rahbari. Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro ilmiy akademiya a’zosi. Keyingi ikki yil ichida Qirg‘iziston va Belarus davlat universitetlarida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid ilmiy ma’ruzalar qilgan. Uning “Chingiz Aytmatov: Davr. Inson. Haqiqat” monografiyasi chop etilgan. 2020 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adib va jamiyat” ruknida uning “Tojdor ajal hamlasi yoxud dunyoni larzaga solgan 40 kun” nomli salmoqli publisistik kitobi chop etildi.

Tadbirda ustozning faoliyati, insoniy fazilatlari, kasbiga, shogirdlariga jonkuyarligi haqida so‘z yuritildi. Ustoz ijodkorga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.