Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Tarix fakultetining 90 yilligi munosabati bilan uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizdagi barcha sohalarda tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan “Uch avlod uchrashuvlari” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.
Bunday uchrashuvlarning ahamiyatli jihati shundaki, muloqotlarda ishtirok etgan yoshlar keksa avlod vakillaridan hayotiy tajriba o‘rganishsa, bugungi soha fidoyilaridan amaliy ko‘nikma va tavsiyalarga ega bo‘lishadi. Bu esa ertamiz egalarining istiqbolida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti 90 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” kechagi, bugungi va ertangi avlod vakillarini birlashtirdi.

Umrini el-yurt xizmatiga baxshida etgan insonlarning xotirasi abadiy, qadri muqaddas. Ular garchi oramizda bo‘lmasalar ham bosib o‘tgan umr yo‘llari, qoldirgan ezgu amallari ko‘plar uchun ibrat maktabidir. Shu ma’noda tadbir avvalida turli yillarda Tarix fakultetida faoliyat olib borgan marhum ustozlar xotirlandi.

Tadbirni Fakultet dekani A.Muminov ochib berdi. Shundan so‘ng akademik A.S.Sagdullayev, professorlar R.X.Suleymanov, F.Ergashev, D.Alimova, R.H.Murtazayeva, V.G.Iofe, N.Musayev, Z.R. Ishonxadjayeva, U.M. Mavlonov, A.Tatiboyev, kafedra mudirlari, hamda professor-o‘qituvchilar so‘zga chiqib faoliyatlari davomida ro‘y bergan esda qolarli va ibratli voqealarni esga oldilar.

Uch avlod vakillarini birlashtirgan tadbir samimiy, ochiq muloqotlar tarzida o‘tdi. Ko‘p yillar tarix fani sohasida faoliyat olib borgan, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriylar so‘zga chiqib, bosib o‘tgan hayot yo‘llari, boy tajribalari haqida yoshlarga so‘zlab berdilar.

Suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oliy ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Qizg‘in davom etgan davra suhbati dars mashg‘ulotlari bo‘layotgan auditoriyalarga ko‘chib, yoshlar va ertangi istiqbolini ayni sohada ko‘rishni istayotgan talabalarning savollari, fikr-mulohazalari bilan yanada qizg‘in tus oldi.

O’zMU Axborot xizmati