Tarixchi olimalarning davra uchrashuvi o‘tkazildi

Joriy yilning 15-may kuni O‘zMUda O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi tomonidan “Ilm yo‘lidagi vorislik: tarixchi olimalar – uch avlod nigohida” mavzusida respublika tarixchi olima ayollarning davra uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Yoqub Ergashov ochib berdi. Shundan so‘ng, tarix fakulteti dekani Alisher Muminov, professor Rahbarxon Murtazayevalarning tabrik so‘zlari tinglandi.

Anjumanda so‘zga chiqqan akademik Yusupova ilmga bag‘ishlagan hayot yo‘li haqida yig‘ilganlarga gapirib berdi. Mazkur uchrashuvda Germaniyaning Erlangen-Nyurnberg universiteti professori Dinara Gagarina, Ispaniya Avtonom universiteti professori Xesus Xil, Qozog‘iston Respublikasidan A.Kayipbayeva, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rais o‘rinbosari Firuza Muhammadjonova, O‘zMU professori, O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi raisi Rahbar Murtazayeva ishtirok etib, qimmatli fikrlari, hayotiy tajribalari bilan bo‘lishishdi.

Shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professori R.Balliyeva, Qarshi davlat muhandislik instituti professori Yu.A.Ergasheva, SamDU professori G.Normurodovalar ma’ruzalari bilan qatnashishdi.

Qayd etish lozimki, hozirgi kunda mamlakatimiz ilm-fani sohasida jami 5 mingga yaqin olima ayollarimiz faoliyat ko‘rsatmoqda. XXI asrning zamonaviy talablaridan kelib chiqib, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida ko‘plab ahamiyatga molik o‘zgarishlar, islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yangiliklarni ro‘yobga chiqarishda respublika oliygohlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 14 mingdan ziyod xotin-qizlarning hissasi katta. 

O‘zbekiston “Olima” xotin-qizlar uyushmasi tashabbusi bilan ilk bora respublika miqyosida tashkil etilgan ushbu davra uchrashuvi o‘z oldiga yoshlar, birinchi navbatda qizlarimizni ilm-fan yo‘liga yo‘naltirish, ulardagi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, ulkan ilmiy salohiyatga ega bo‘lmish olimalar bilan yuzma-yuz muloqot qilgan holda istiqboldagi rejalarni ko‘rib chiqish, hayotdan to‘g‘ri va yagona yo‘l – ilm yo‘li ekanligini anglab yetishni maqsad qilgan.