
Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetida Vatanimiz Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan, shuningdek, birinchi kursga qabul qilingan talabalar bilan tanishuv maqsadida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda universitet rahbariyati, ilm-fan vakillari, akademiklar, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari, talabalar va ularning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab universitet rektori Inom Madjidov yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi bilan qizg‘in tabriklab, birinchi kursga qabul qilingan talabalarga muvaffaqiyat tiladi. Rektor talabalarga murojaat qilib, talabalikni eng mas’uliyatli va unutilmas davr sifatida qadrlash hamda undan unumli foydalanish kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdi.


Shuningdek, O‘zFA akademigi, atoqli matematik olim Abdulla A’zamov, tarix fanlari doktori, professor Rahbarxon Murtazayeva, Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti direktori Karim Sultonov hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga o‘z tabriklarini yo‘llashdi.
Tadbir davomida estrada vakillari va ijodkor yoshlar tomonidan badiiy-musiqiy dasturlar tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi. Bayramona ruh, ezgu shior va talabalar ko‘tarinki kayfiyati tadbirga alohida fayz bag‘ishladi.
Asosiy bayram tadbiri fakultetlarda o‘tkazilgan mustaqillik darslari ulani ketdi.
O‘zMU Axborot xizmati