Turkiyalik mutaxassisning mahorat darsi

Dunyo koʼrgan – dunyo bilan boʼylashadi, degan hikmatli gap bor.

Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universitetida bugun 30 dan ortiq rivojlangan davlatlarning nufuzli oliy taʼlim muasssasalari bilan ilmiy hamkorlikni yoʼlga qoʼyilgan. Jurnalistika fakulьteti talabalariga ham vaqti-vaqti bilan xorijlik mutaxassislar mahorat darslari oʼtib turadi.

Yaqinda Turkiya Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasining matbuot boʼyicha eksperti Davut Gazi Benli “Chet el elchixonalari Аxborot xizmatining mamlakat ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi” mavzuida oʼtgan on-layn mahorat darsi OʼzMU Jurnalistika fakulьteti 1-kurs talabalarida katta qiziqish uygʼotdi.

Davut Gazi Benli Turkiya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida aloqa va matbuot maslahatchisi lavozimida faoliyat koʼrsatgan kezlari Oʼzbekiston OАV xodimlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga koʼtarishda qator loyihalarni amalga oshirishda koʼp tashabbuslar koʼrsatgani yaxshi maʼlum. Turkiyalik mutaxassis 2017 yildan buyon OʼzMU Jurnalistika fakulьteti bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼygan edi.

Videokonferentsaloqa shaklida oʼtgan mahorat darsida Jurnalistika kafedrasi dotsenti Toʼlqin Eshbekov Oʼzbekistonda jurnalist kadrlar, xususan, Аxborot xizmati xodimlari tayyorlash boʼyicha amalga oshirilayotgan maʼrifiy ishlar haqida qisqacha maʼlumot berar ekan, bu borada xalqaro hamkorlik, oʼzaro tajriba almashish izchil yoʼlga qoʼyilishi qanchalik samara berishini alohida taʼkidladi.

Taniqli xalqaro jurnalist Davut Gazi Benli Turkiyada matbuot sohasi boʼyicha yetakchi ekspertlardan biri hisoblanadi. U ingliz, nemis, arab va oʼzbek tillarini mukammal biladi.

– Men Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasida faoliyat yuritgan kezlarim oʼzbekistonlik jurnalistlar ishtirokida qator tadbirlar oʼtkazgan edik,– dedi Davut Gazi Benli.– Oʼsha kezlarda Turkiyada bir necha marta mediya-turlar tashkil etganmiz. Bu anjumanlarda oʼnlab oʼzbek jurnalistlari qatori OʼzMU Jurnalistika fakulьteti dotsenti Toʼlqin Eshbekov ham bir necha marta faol ishtirok etganini yaxshi eslaymiz. Uning Turkiya taassurotlari haqida yozgan ocherklari bizda katta taassurot qoldirgan. Umid qilamizki, bugun mana shu dargohda tahsil olayotgan boʼlgʼusi jurnalistlar ana shunday ilmiy-ijodiy hamkorlik aloqalarini izchil davom ettiradilar.

Turkiyalik mutaxassisning jurnalistika, jumladan, Аxborot xizmati faoliyatini takomillashtirish yuzasidan bildirgan fikrlari talabalarda katta qiziqish uygʼotdi.

Interfaol shaklida oʼtgan on-layn mahorat darsida talabalar bu mavzuda oʼzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.

Mahliyo MIRSOАTOVА,

OʼzMU Jurnalistika fakulьteti dekani