Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Akademik Rahima Aminovaning 100 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi

Bugun, 20-noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida akademik, tarix fanlari doktori, professor Rahima Xodiyevna Aminovaning (1925–2001) 100 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Milliy universiteti, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda O‘zbekiston tarixchilar jamiyati hamkorligida o‘tkazildi.

Konferensiyada O‘zbekistonning sovet davri tarixiga oid dolzarb masalalar — agrar siyosat, gender masalalari, madaniy meros va jamiyat taraqqiyoti kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi. Anjumanda respublika akademiklari, taniqli olimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, R.Aminovaning shogirdlari va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Rahima Aminova — O‘zbekistonda tarix fanlari doktori darajasiga erishgan birinchi o‘zbek ayoli, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati bo‘lib, 14 ta monografiya va 300 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi hisoblanadi. Uning rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va nomzodlari yetishib chiqqan.

Tadbir doirasida olima hayoti va ilmiy faoliyati haqidagi hujjatli film namoyish etildi, yirik olimlar ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, Aminova yaratgan ilmiy maktab va uning O‘zbekiston tarixshunosligiga qo‘shgan hissasi haqida fikr almashildi.

Akademik Rahima Aminovaning o‘zbek dehqonchiligi tarixi, gender masalalari, madaniy merosni o‘rganish va sovet davri tarixini tadqiq etishdagi ilmiy merosi bugungi kun tadqiqotlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

O’zMU Axborot xizmati