O‘zbekiston Milliy universitetida buyuk mutafakkirlar — Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyalarini yaratish tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman tashkil etildi.
Anjumanni O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Yoqub Ergashоv ochib berdi. U o‘z ma’ruzasida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, ularning boy adabiy-ilmiy merosini tizimli va ilmiy asosda o‘rganish, shuningdek, zamonaviy ensiklopedik manbalar orqali keng jamoatchilikka yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, anjuman doirasida Minhojiddin Mirzo tomonidan talabalarga yo‘naltirilgan mazmunli nutq so‘zlandi. Unda buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, yosh avlod ongida milliy o‘zlik, tarixiy xotira va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash muhimligi keng yoritib berildi.
Anjuman ishtirokchilari buyuk mutafakkirlar hayoti va ijodini qamrab oluvchi ensiklopediyalarni yaratishda ilmiylik, manbaviylik, tizimlilik hamda zamonaviy talablarga moslik tamoyillariga amal qilish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.