O‘zbekiston Milliy universitetida inson hayoti va jamiyat rivojida beqiyos o‘ringa ega bo‘lgan Ona zoti, Ayol hilqati ehtiromiga bag‘ishlangan “Ayolga ehtirom” nomli tantanali tadbir tashkil etildi.
Ilmli ayol har qanday jamiyatning qudratli resursi. Ilm-fan bilan shug‘ullanadigan kishi, umr yo‘lini bag‘ishlagan sohasiga muayyan ma’noda o‘z hissasini qo‘shadi. Agarki, u olima bo‘lsa, u qo‘shgan hissaning qiymati alohida o‘lchamga ega. Ta’limdek sharafli sohada faoliyat olib borayotgan ayol professor-o‘qituvchilar, ayol xodimlar, olimalar ishtirokidagi tadbir ham shukuhli tarzda o‘tdi.
Tadbir avvalida universitet rektori Inom Madjidovning bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Universitet salohiyati, xalqaro maydondagi nufuzining oshib borishida olima ayollar, professor-o‘qituvchilarning zahmati, hissasi beqiyos ekanini ta’kidladi. Muhim va stategik soha – ta’lim tizimida mehnat qilayotgan mardona xotin-qizlarga chuqur ehtirom bilan minnatdorchilik bildirildi.
Otaxon universitetimiz misolida oladigan bo‘lsak, ta’lim muassasamizning barcha soha va tarmoqlarida ayollarimizning salmog‘i, o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda. Raqamlarga e’tibor qaratsak, bugungi kunda universitetimizda asosiy shtatda jami 1118 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda.
Shulardan, 581 nafar professor-o‘qituvchi ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. 537 nafar ayol xodimlar turli lavozimlarda mehnat qilmoqda, universitetimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib kelmoqda. Bugungi kunda universitetimizda jami 35 mingga yaqin talabalar tahsil oladi. Quvonarlisi, ularning 19 302 nafari qizlardir.
Tantanali bayram tadbiri elimiz suygan san’atkorlar, estrada xonandalarining chiqishlari bilan davom etdi.
O‘zMU Axborot xizmati