O‘z bayrog‘iga ega bo‘lgan millat ozod va mustaqildir. O‘z mustaqilligiga ega bo‘lgan davlat esa kuchli va yengilmasdir. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida yuqori saviyada tashkil etilgan tadbir ham Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi. “Vatanimiz bayrog‘i – faxrimiz, g‘ururimiz!” mavzusidagi ushbu ma’naviy-madaniy tadbir O‘zbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zMU Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Kamoliddin Mirzaaxmedov
18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan ustozlar hamda talaba-yoshlarni samimiy tabrikladi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov,O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati senatori M.Parpiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) U.MuhammadiyevvaOliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Sh.Xolmaxamatovalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Tadbir dastlab talaba-yoshlarning badiiy chiqishlaridan boshlandi. Qalbi faxru-iftixor bilan to‘lgan, bayrog‘imizning mag‘rur hilpirashidan behad sevinayotgan, ko‘zlarida yurt kelajagiga ishonch bilan qarayotgan bu yoshlarning mardona qadamlari tadbirga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishladi.
Vatanni madh etuvchi she’riy chiqishlar, san’atkorlarning ijrosi yig‘ilganlar ko‘ngliga bayramona ruh olib kirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz bayrog‘ining ahamiyati, yoshlar bu bayroq bilan yanada yuqori cho‘qqilarni, ilm cho‘qqilarini zabt etishi lozimligi ta’kidlashdi. Shuningdek, O‘zMU Jurnalistika fakulteti talabalarining O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasini maroq bilan ijro etishi, jahon olimpiadalarida o‘z aqlu-zakovati bilan yuqori o‘rinlarni egallagan iqtidorli yoshlarning nutqida ham bayrog‘imiz – faxrimiz, g‘ururimiz ekani aytib o‘tildi.
Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlar ma’naviy dunyoqarashining kengayishiga, o‘ziga ishochining ortishiga sabab bo‘lsa ajab emas…
Bayram tadbirlari O‘zbekiston Milliy universitetida davom etadi.
Universitet yoshlar bilan ishlash tizimi