Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Bishkekda oʻtgan xalqaro olimpiadada Milliy universitet jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi

Qirgʻizistonning Bishkek shahrida Qirg‘iz Milliy universiteti tomonidan “Rus tili va madaniyatlararo hamkorlik: xalqaro aloqalarga yangicha nigoh”  xalqaro olimpiadasi tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti dotsenti O.Alimardonov boshchiligidagi talaba-yoshlar jamoasi faxrli birinchi oʻrinni egallab oltin medal bilan taqdirlandi.

“Rus tili va madaniyatlararo hamkorlik: xalqaro aloqalarga yangicha nigoh”  xalqaro olimpiadasi Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik, millatlararo totuvlik, madaniyatlararo muloqot va hamkorlik, yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish maqsadida tashkil etildi.

 

 

Mazkur olimpiadada Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning 10 dan ortiq universitetlarining 5 kishidan iborat talaba yoshlar jamoalari (jami 100 ga yaqin talabalar) ishtirok etishdi.

Olimpiada 3 bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich online formatda joriy yilning 11-may kuni o‘tkazildi. Mamlakatimizdan O‘zbekston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti hamda Urganch davlat universiteti talabalari jamoalari ishtirok etib, faqatgina O‘zMU jamoasi yarim final bahslariga yo‘llanma olishga muvaffaq bo‘lgan edi. Yarim final bahslariga shuningdek Qozog‘istonning 2 ta, Qirg‘izistonning 3 ta oliy o‘quv yurtlari jamoalari ham yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishdi. Joriy yilning 19-20-may kunlari Qirgʻizistonning Bishkek shahrida mazkur olimpiadaning yarim final va final bosqichlari boʻlib oʻtdi. Yarim finalda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistonning 6 ta oliy oʻquv yurtlari jamoalari kuch sinashdi. Bilim, zakovat, topqirlik berilgan shartlarga kreativlik bilan yondashgan OʻzMU jamoasi final bahslariga yoʻl oldi.

 

Finalda O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zbekiston), Manas turk-qirg‘iz universiteti (Qirg‘iziston), Ko‘nayev universiteti (Qozog‘iston) jamoalari bahs olib borishdi va O‘zMU jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Mazkur olimpiadaga mezbonlik O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘tdi.