Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoriga samarali integratsiya qilish hamda ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot maydonini yaratish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu doirada universitetning Geologiya va muhandislik fakultetida bitiruvchi talabalar ishtirokida amaliy uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevralda yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlarning bandligini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini tushuntirishga qaratildi.

Tadbir davomida talabalarga “Kelajakka qadam” dasturi imkoniyatlari, imtiyozli kreditlar asosida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yo‘llari, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar hamda ishga joylashish jarayonlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Tadbirning amaliy qismi sifatida ish beruvchilar va bitiruvchilar o‘rtasida “Workshop” formatida ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda Habib Abdullaev nomidagi Geologiya va geofizika instituti direktori Nurbek Inatov hamda direktor o‘rinbosari Elmurod Amirovlar ishtirok etib, institut faoliyati, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, shuningdek, bitiruvchilarni ishga qabul qilish tartibi va talablari haqida taqdimot qilishdi.

Mehmonlar tomonidan talabalarga amaliy maslahatlar berildi, ularning qiziqtirgan savollariga javoblar taqdim etildi.
Uchrashuvda universitet rahbariyati va mas’ul xodimlar ham ishtirok etdi. Jumladan, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov hamda Marketing va bitiruvchilar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Mansur Mamanazarovlar tomonidan bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularning ishga joylashishlariga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Mazkur kabi tadbirlar bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarini kengaytirish, ish beruvchilar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
