Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Bolgariyaning nufuzli universiteti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda

Ayni vaqtda O‘zbekiston Milliy universiteti delegatsiyasi Sofiya Milliy va jahon iqtisodiyoti universiteti (MJIU) taklifiga binoan Bolgariyada bo‘lib turibdi.

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov boshchiligidagi O‘zMU delegatsiyasi MJIU rahbariyati vakillari bilan bir qator muzokaralar olib bordi.

Xususan, MJIU rektori Dimitar Dimitrov bilan kelgusida “Turizm iqtisodiyoti” bakalavr yo‘nalashida 3+1 formatida hamda 1 yillik magistratura qo‘shma ta’lim dasturi loyihalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Mazkur dastur doirasida O‘zMU talabalari 1 yil mobaynida Yevropa Ittifoqi standartlari bo‘yicha akkreditatsiyalangan dastur bo‘yicha tahsil olishlari, shuningdek, MJIUning Qora dengiz bo‘yi sohillarida va Bolgariyaning qorli tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan amaliyot bazalarida 6 oygacha amaliyot o‘tashlari nazarda tutilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, MJIU 1920-yilda tashkil toptan bo‘lib, Bolgariyadagi qadimiy va eng yirik universitet hisoblanadi. MJIU Yevropaning eng nufuzli «ENGAGE.EU» iqtisodiy OTMlari aliansi a’zosidir.
Delegatsiya tashrifi davom etmoqda.

O‘zMU Axborot xizmati