
Tabiiyki, kunlarning isib ketishi bilan daryo, kanal, ochiq suv havzalari anhor va ko‘llarda cho‘milishga ehtiyoj seziladi. Insonlarning hordiq chiqarish maqsadida salqinroq joy izlab, sayohatga otlanadi. Dam olish maskanlari, cho‘milish havzalari yanada gavjum tus oladi.
Ha, bunday vaziyatlarda cho‘miluvchilar sonining ortishi tabiiy. Ona tabiat bag‘rida maroq chiqarib, dam olib asablarni tinchlantirish, toza havodan to‘yib nafas olish, zilol suvda cho‘milib salqinlashga nima yetsin. Afsuski ayrim hollarda suv havzalarida cho‘milish ko‘ngilsiz holatlar bilan yakun topadi.
Xo‘sh buning sabablari nimada?
Nega ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lmoqda?
Bu savollarga shak-shubhasiz joylarda fuqarolarning cho‘milish tartib-qoidalariga amal qilmasliklari, spirtli ichimliklarni iste’mol qilgan holda suvda cho‘milish yoki tegishli qoidalarga rioya qilmaganliklari noxush hodisalarga, ya’ni, suvda cho‘kishga olib kelmoqda.
Ba’zan yosh bolalarning cho‘milishiga ko‘zing tushadi. Atrofda biror katta yoshli inson bo‘lmaydi. O‘tib ketayotgan katta yoshli kishilar ham ogohlantirmay, loqayd munosabatda bo‘ladilar. Suvda aholining ommaviy dam olish joylari sifatida foydalanish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lmagan daryo, kanal, ko‘llar, boshqa suv havzalarida cho‘milish borasida fuqarolarga kuyidagilar taqiqlanadi. Jumladan:
Daryo, kanal, ko‘llar, boshqa suv havzalarida taqiqlovchi belgilar va «Xavfli!», «Cho‘milish taqiqlanadi!», «Купание строго запрещается!» so‘zlari yozilgan belgilar o‘rnatilgan joylarda cho‘milish va suvga sakrash, alkogolli mahsulotlarni iste’mol qilish va mast holatda cho‘milish va boshqa xatti-harakatlarni sodir etish ta’qiqlanadi.
Cho‘kish deb — nafas olish organlarining turli suyuqliklar, asosan suv bilan to‘lishiga aytiladi. Cho‘kish oqibatida hayotiy muhim organlarning (nafas olish, qon aylanish organlari, markaziy asab tizimi) funksiyasi buziladi va ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi.
Cho‘kkanda birinchi yordam
Cho‘kayotgan odamni tinchlantirib, yelkangizdan mahkam ushlashga undang.
Cho‘kayotgan odam o‘z harakatlarini nazorat qila olmayotgan bo‘lsa, yoniga suzib borib suvga sho‘ng‘ib orqasidan ko‘tarib qirg‘oqqa chiqaring.
Agar cho‘kayotgan behush bo‘lsa jag‘idan ushlab qirg‘oqqa olib chiqing, bu vaqtda uning boshi suv yuzasida bo‘lishi kerak. Qirg‘oqqa olib chiqilgan jabrlanuvchining birinchi bo‘lib o‘pkasini suv va boshqa narsalardan tozalash kerak. Buning uchun uning tizzalarini bukib, yotqizing va qayd qilishga majbur qiling. So‘ngra jabrlanuvchini yelka bilan yotqizing va og‘iz burnini tozalang va zarur bo‘lganda tezda shifoxonaga yuboring.
Tibbiyot xodimlarining aytishicha, ushbu havzalardagi ifloslangan suv o‘tkir ichak infeksiyasi, gepatit, ichburug‘, ichterlama kabi xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu ayniqsa bolalar salomatligi uchun juda xavflidir.
Ota-onalar va yoshi kattalardan shuni iltimos qilib qolardikki, ochiq suv havzalarida cho‘milishda hushyor bo‘ling! Xavfsizligimizni ta’minlash doimo birinchi masala!
O‘zMU Axborot xizmati