
O‘zbekiston Milliy universitetida bugun, 15-may kuni universitet jamoatchilik kengashining raisi, fizika fakulteti dotsenti, fizika-matematika fanlari nomzodi, fidoiy ustoz Nematjon Norqulovning 75 yilligi munosabati bilan tantanali yig‘ilish o‘tkazildi. Unda universitet rahbariyati, turli tashkilot va muassasalardan mehmonlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.


O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov N.Norqulovni yubiley bilan tabriklab, o‘quv, ilmiy, tashkiliy va jamaotchilk faoliyatidagi har bir masalaga o‘ta mas’uliyat bilan yondoshib, katta hayotiy tajribasi asosida adolatli yechim bera olishini ta’kidlab o‘tdi.
Fizika fakulteti dekani dotsent Gʻofur Eshonqulov tomonidan Nematjon Norqulovning ilmiy-pedagogik va jamoatchilik faoliyati haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berib o‘tildi.


Shundan so‘ng, mehmonlarning tabrik so‘zlari tinglandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati, professor Erkin Zohidov, O‘zbekiston Respublikasi Senati qo‘mita raisi o‘rinbosari, professor Odiljon Mamatkarimov, O‘zR FA Ion plazma va lazerli texnologiyalar instituti direktori o‘rinbosari, professor Mirtemir Qurbonov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziligi huzuridagi Bosh ilmiy metodik markaz direktori, professor Uzoqboy Begimqulov, Toshkent davlat texnika universiteti professori Nurilla Zikrillayev, akademik Abdug‘afur Mamadalimov hamda fakultetlar vakillari tomonidan qutlovlar yo‘llandi.



Ma’lumot o‘rnida, Ne’matjon Norqulov 1950-yil 15-mayda Qashqadaryo viloyati Beshkent tumani (hozirgi Kasbi) Chovqay qishlog‘ida tavallud topgan. N. Norqulov 1957-1967-yillari o‘rta maktabda o‘qigan va maktabni “a’lo” baholar bilan tomomlab 1968-yili Toshkent Davlat (hozirgi Milliy) universitetning Fizika fakultetiga o‘qishga kirib, Fizikaviy elektronika ixtisosligi bo‘yicha o‘qishni tugatgan. N. Norqulov 1975-yildan hozirgacha fakultetda katta laborant, o‘quv ustasi, katta muhandis, ilmiy xodim, assistenti, katta o‘qituvchi, dotsent va kafedra mudiri lavozimlarida ishlab kelmoqda.
N. Norqulov 1992-yili fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoya qilgan. N. Norqulov 1996-2009-yilllarda “Fizikaviy elektronika” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi.
N. Norqulov 1997-2019-yillarda O‘zMU ning tashkiliy metod komissiyasiga raislik qilib, universitetning o‘quv jarayonlari rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan pedagoglardandir.
N. Norqulov bevosita rahbarligida 5 nafar fan nomzodi tayyorlagan, 6 ta o‘quv qo‘llanma va “Fizikaviy elektronika” mutaxassisligi bo‘yicha ruscha-o‘zbekcha lug‘at va 200 dan ortiq ilmiy-uslubiy maqola va tezislar chop etgan.


Ustoz N.Norqulov bugungi kunda nafaqat fakultetda dars berish, balki shu bilan birgalikda universitetdagi o‘quv-metodik hamda tashkiliy ishlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘zMU Axborot xizmati