Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti 1971-1994 yillarda Amaliy matematika va mexanika nomi bilan, 1994 yilda Mexanika-matematika fakulteti nomi bilan, 2000-2004 yillarda esa Kompyuter texnologiyalar fakulteti nomi bilan, 2004 yilda Mexanika-matematika fakulteti nomi bilan faoliyat olib borgan. O‘tgan davrlarda fakultetga R.Ya.Suncheleev (1971-1974 yy.), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi T.A.Azlarov (1974-1976 va 1988-1992 yy.), G‘.N.Salixov (1976-1979 yy.), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi N.Yu.Satimov (1985-1987 yy.), M.M.Aripov (1987-1988 yy.), A.B.Begmatov (1980-1985 va 1992-1993 yy.), X.A.Muzafarov (2000-2003 yy.), A.R.Xalmuxamedov (2003-2004 yy.) rahbarlik qildilar.
Fakultet Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar nomi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “2019-2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4358-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining 2020 yil 26 maydagi №01-299 sonli buyrug‘i asosida tashkil etildi.
Fakultetda 4 ta kafedra mavjud:
- Amaliy matematika va kompyuter tahlili.
- Dasturiy injiniring va sun’iy intellekt
- Axborot xavfsizligi.
- Hisoblash matematikasi va axborot tizimlari.
Ushbu fakultetda amaliy matematika hamda kompyuter texnologiyalari va intellektual tizimlar sohasida matematika, dasturlash va sun’iy intellekt bo‘yicha chuqur fundamental va amaliy bilimga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlab kelinmoqda.
Fakultetda ta’limning kunduzgi, kechki, sirtqi va maxsus sirtqi shakllarida 4 ta ta’lim yo‘nalishlari, 6 ta magistratura mutaxasissliklari va 5 ta oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim ixtisosliklari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi.
Fakultetda ta’lim berilayotgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bugunga kadar 10000 nafarga yaqin malakali kadrlar tayyorlangan bo‘lib, ular respublikamizning turli sohalarida muvaffaqiyatli mehnat qilib kelishmoqda. Shuningdek, fakultet bitiruvchilari dunyoning nufuzli, jumladan, GOOGLE, CISCO SYSTEMS Inc, AMAZON, EPAM Systems, DealerSocket, JetSmarter (AQSh), SAP SE (Germaniya), WesternGeco, Safenetpay (Angliya), Sensei Labs (Kanada), Luxoft (Polsha), Datasite Technology (O‘zbekiston+Angliya) kabi firma va kompaniyalarida faoliyat olib borishmoqda. Bugungi kunga qadar fakultet talabalaridan 5 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendianti, 10 nafardan ortig‘i Mirzo Ulug‘bek va Beruniy stipendiantlari bo‘lishgan.
Fakultetda xalqaro va respublika miqyosida muntazam ilmiy anjumanlar o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, 1994 yilda “Matematik modellashtirish va hisoblash eksperimenti”, 2009, 2012, 2014, 2016, 2018, 2021 yillarda “Amaliy matematika va informatsion texnologiyalarning dolzarb muammolari – Al-Xorazmiy”, 2020 yilda Malayziyaning Mara universiteti bilan hamkorlikda “Hisoblash modellari va texnologiyalari”, 2021 yilda Rossiya Fanlar Akademiyasi V.A.Steklov nomidagi Matematika instituti va Amerikaning Natural Sciences Publishing nashriyoti bilan hamkorlikda “Zamonaviy matematika va uning tatbiqlari” xalqaro konferensiyalari o‘tkazilgan bo‘lib, dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan 150 nafardan ortiq olimlar ishtirok etishgan. Shuningdek, ushbu konferensiyalar doirasida saralab olingan 100 dan ortiq ilmiy maqolalar Scopus xalqaro bazasidagi ilmiy nashrlarda chop ettirilgan. Professor-o‘qituvchilar fakultet talabalariga dars berish bilan bir qatorda Kazan Federal universiteti, Novosbirsk davlat universiteti, Tomsk davlat universiteti (Rossiya), Adam Miskievich universiteti, Lyublen universiteti (Polsha), L Yevroosiyo milliy universiteti (Qozog‘iston), Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti, Malayziyaning Mara texnologiyalar universiteti, Hindistonning Rorkee texnologiya institutida kabi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ham ta’lim berishmoqda.