O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetida 16-17-may kunlariga belgilangan “Fizikada fundamental va amaliy tadqiqotlar” IFARP-II xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda fizika sohasidagi muhim yo‘nalishlarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha fikr almashish, muammolarni aniqlash, amalga oshirilayotgan ilg‘or tajriba natijalarini muhokama qilish, ilmiy tadqiqotlar sifati va darajasini oshirish uchun yosh olimlar, doktorantlar va talabalar hamda sohaning yetakchi mutaxassislari bilan aloqalar o‘rnatish, olingan natijalarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqish anjumanning asosiy maqsadi bo‘ldi.
Anjumanda quyidagi masalalar muhokama qilindi:
- Optika va lazer fizikasi;
- Nazariy fizika, atom yadrosi va elementar zarrachalar fizikasi;
- Qattiq jism va polimerlar fizikasi, nanofizika;
- Astronomiya va kosmik tadqiqotlar;
- Fizika fanini o‘qitishning zamonaviy texnologiyalari.
Konferensiyada respublikamiz oliy ta’lim muassasalaridan yosh olimlar, magistrantlar, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar, shuningdek, xorijiy va mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi. Anjumanga 190 dan ortiq ilmiy ishlar kelib tushdi.
Fizika, astronomiya sohasida faoliyat yuritayotgan respublika va xorijdagi yetakchi mutaxassislari, olimlar, professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlari muhokama qilindi.

O‘zMU Axborot xizmati