🔴 Bugun, 7-yanvar kuni, O‘zbekiston Milliy universitetiga Amerikaning O‘zbekistondagi Elchixonasi huzuridagi akademik almashinuvlar dasturi koordinatori Hamid Inomxo‘jayev hamda ta’lim masalalari bo‘yicha mas’ul Anna Balog tashrif buyurdilar.
🔴 Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy universiteti Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Elchixonasi bilan hamkorlikda Fulbrayt dasturi doirasida ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mazkur dastur doirasida AQShning oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlaridan professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar universitetning o‘quv jarayoni va ilmiy faoliyatiga jalb etib kelinmoqda.
🔴 Xususan, 2025–2026 o‘quv yilida Garvard universiteti tadqiqotchisi Albert Harry Shaheen O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakultetiga ilmiy stajirovka o‘tash maqsadida tashrif buyurgan. Ayni paytda u professor-o‘qituvchilar bilan hamkorlikda “XX asrda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi” mavzusida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
🔴 Uchrashuv davomida Anna Balog Fulbrayt dasturining imkoniyatlari, ushbu dastur doirasida ishtirokchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, Albert Harry Shaheenning universitetda olib borayotgan ilmiy tadqiqot jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, kelgusida O‘zbekiston Milliy universitetining AQShning boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligini kengaytirish, turli xalqaro dasturlar va ilmiy tadqiqot grantlari doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini ta’kidladi.
🔴 Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida ta’lim va ilmiy tadqiqot sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishib oldilar.


