Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Gent universiteti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda

Bugun, 17-noyabr kuni, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Belgiyaning nufuzli Gent universiteti rektori Petra De Sutter boshchilaridagi delegatsiya tashrif buyurdi. Uchrashuvni xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Yoqub Ergashev, shuningdek tegishli fakultetlar dekanlari olib bordi.

Tadbir avvalida tomonlar universitetlarning faoliyati, ilmiy salohiyati, professor-o‘qituvchilar tarkibi va xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida o‘zaro ma’lumot almashdilar.

Muzokaralar davomida tabiiy fanlar yo‘nalishida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, biologiya va kimyo sohalarida talabalar hamda professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma dasturlar va ilmiy tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish, shuningdek yozgi maktablar, stajirovkalar va malaka oshirish kurslarini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirish, mas’ul koordinatorlarni belgilash va kelishilgan loyihalar bo‘yicha amaliy ishlarga kirishishga kelishib oldilar.

O’zMU Axborot xizmati