Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Germaniya vakillari O‘zMUda

🎥 Bugun, 10 oktabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetiga Germaniyaning Gannover shahridagi Leybnits universiteti (Leibniz University Hannover) Geografiya fakulteti dekani professor Georg Guggenberger (Georg Guggenberger), fakultet professori Olga Shibistova (Olga Shibistova) hamda Markaziy Osiyo davlatlari tadqiqotchilari va Germaniya amaliy fanlar universitetlari fondi (German Universities of Applied Sciences and Researchers from Central Asia) rahbari Yorg Axterberg (Jörg Achterberg) boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

🔴Uchrashuvda O‘zMU Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova, Ta’lim infratuzilmasini transformatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i Nodir Narziyev, Geologiya va muhandislik fakulteti dekani Akramiddin Umarov, Geografiya va geoaxborot tizimlari fakulteti dekani Shavkat Sharipov, O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i Vohidjon Topildiyev, hamda Magistratura bo‘limi boshlig‘i Nuraly Majidov ishtirok etdilar.

Ma’lumki, mazkur universitet bilan O‘zMU o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari 6 yildan buyon izchil davom etib kelmoqda. Bu vaqt mobaynida O‘zMUning Chorvoq o‘quv poligonida germaniyalik talabalarning o‘quv-dala amaliyotlari olib borildi, qo‘shma xalqaro yozgi maktablar tashkil etildi, hamda germaniyalik professor-o‘qituvchilar ta’lim jarayoniga jalb etildi.

🔴Bugungi uchrashuvda ana shu 6 yillik samarali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ikki universitet o‘rtasida “Geografiya/Amaliy landshaftshunoslik” magistratura mutaxassisligi ikki yoqlama diplom dasturini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

🔴Uchrashuvning keyingi qismida Markaziy Osiyo davlatlari tadqiqotchilari va Germaniya amaliy fanlar universitetlari fondi (German Universities of Applied Sciences and Researchers from Central Asia) rahbari Yorg Axterberg (Jörg Achterberg) tomonidan Germaniya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ilmiy-tadqiqot loyihalari haqida taqdimot o‘tkazdi. Unda mazkur fond doirasida energiya, suv resurslari, yer resurslari, iqlim o‘zgarishi, ekologiya, barqaror qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi dolzarb yo‘nalishlarda Germaniya va Markaziy Osiyo universitetlari bilan hamkorlikda ilmiy loyihalar taqdim etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

🔴Uchrashuv yakunida, Geologiya va muhandislik hamda Geografiya va geoaxborot tizimlari fakultetlari dekanlari bilan hamkorlikda mazkur fondga qo‘shma loyihalar taqdim etish bo‘yicha kelishib olindi.