Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Ijtimoiy fanlar fakulteti Psixologiya kafedrasi tomonidan “Global olamda ruhiy salomatlik: muammolar va yechimlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Anjuman M.V. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali hamda O‘zbekiston psixologlari ilmiy-amaliy jamiyati hamkorligida tashkil etildi.


Konferensiya doirasida “Ruhiy salomatlikni ta’minlash: psixologiya fanining va amaliyotning o‘rni” mavzusida gibrid shaklda davra suhbati o‘tkazildi. Unda psixologiya fanining inson xulq-atvori, hissiyotlari va tafakkurini o‘rganishdagi o‘rni, shuningdek, ta’lim, iqtisodiyot, tibbiyot, sport va tadbirkorlik kabi sohalarning rivojiga ta’siri xususida fikr yuritildi.



Davra suhbatiga O‘zbekiston Milliy universiteti psixologiya kafedrasi mudiri, psixologiya fanlari doktori, professor Dilbar Muxamedova moderatorlik qildi. Tadbirda Xalqaro aloqalar bo’yicha prorektor Raima Xakimova, Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Komiljon Inaqov, O‘zbekiston psixologlari ilmiy-amaliy jamiyati boshqaruv raisi Nuriddin Safayev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, psixologiya fanlari doktori, Profi universiteti rektori G‘ayrat Shoumarov, shuningdek, milliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.




Tadbirni Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Komiljon Inaqov ochib berdi. So‘ngra Butunjahon ruhiy salomatlik kuniga bag‘ishlangan qisqa metrajli film namoyish etildi.
Konferensiya davomida psixologiya sohasidagi dolzarb masalalar — badiiy adabiyotning ruhiy salomatlikka ta’siri, simulyatsiya amaliyoti yosh o‘qituvchilarning kasbiy muhitda ruhiy barqarorligini saqlashdagi o‘rni, Z avlod qadriyatlari va ruhiy salomatlik kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.