Bugun, 11 noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Belarus Respublikasining Fransisk Skorina nomidagi Gomel davlat universiteti (Gomelskiy gosudarstvenniy universitet imeni Fransiska Skoriny) delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Delegatsiyaga mazkur universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Dmitriy Leonidovich Kovalenko rahbarlik qildi.
Delegatsiyani O‘zbekiston Milliy universiteti nomidan xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova, shuningdek, kimyo va fizika fakultetlari dekanlari hamda tegishli bo‘lim boshliqlari kutib oldilar.
Tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari uzoq yillardan beri muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirda fizika va biologiya fakultetlari bilan hamkorlikda “O‘zbekiston–Belarus qo‘shma ilmiy loyihasi” samarali amalga oshirib kelinmoqda.
Uchrashuv chog‘ida professor Dmitriy Kovalenko ikki universitet o‘rtasida ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa, fizika va kimyo fakultetlari hamkorligida qo‘shma ilmiy laboratoriya tashkil etish masalasini muhokama qilishni taklif qildi.
Tashrif doirasida fakultet mas’ullari bilan mazkur loyiha bo‘yicha kelgusi amaliy qadamlar, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma konferensiyalar va ilmiy seminarlarni tashkil etish masalalari yuzasidan kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida har ikki tomon ham ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va “O‘zbekiston–Belarus” ilmiy hamjihatligini mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.


