Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Ilm-fan va texnologiya yo‘lida: Ozarbayjon va O‘zbekiston universitetlari hamkorlikni kengaytiradi



Bugun, 31 may kuni, O‘zbekiston Milliy universitetiga Ozarbayjon Davlat neft va sanoat universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida universitet rektori Azizov Rufat, rektor maslahatchisi Mamedli Tahir, chet ellik talabalar bilan ishlash markazi rahbari Sabina Alieva hamda xalqaro hamkorlik loyihalari va ishlab chiqarish aloqalari bo‘limi boshlig‘i Nazrin Shirinova tashrif buyurdi.

Mehmonlarni O‘zbekiston Milliy universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Muhammadiev Jabbor, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova, fizika fakulteti dekani Eshonqulov G‘ofurjon, kimyo fakulteti dekani Qodirova Shahnoza, ta’lim infratuzilmasini transformatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i Narziev Nodir va xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ohundadayev Ulug‘bek kutib oldi.

Mazkur uchrashuvdan maqsad — ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish va hamkorlik memorandumini imzolashdan iborat bo‘ldi. Uchrashuvda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, hammualliflik asosida maqolalar chop etish, kimyo, geologiya, IT va muhandislik yo‘nalishlarida faol hamkorlik olib borish, shuningdek, akademik mobillik doirasida bakalavr, magistr va doktorantlarni almashish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida ikki universitet o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shuningdek, Ozarbayjon Davlat neft va sanoat universiteti tomonidan tashkil etiladigan yozgi maktabda O‘zbekiston Milliy universiteti talabalarining ishtiroki masalasi muhokama qilindi.


Xalqaro aloqalar bo’limi