Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida korrupsiyaviy omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish hamda “Korrupsiyadan xoli muhit»ni shakllantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.

Mazkur yo‘l xaritada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Milliy universitetida yig‘ilish tashkil etildi. Unda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Yoqub Ergashov, Korrupsiyaga qarshi kurashish “KN” TB bo’limi boshlig‘i Shohnazar Gʻulomov, shuningdek, universitetda faoliyat yuritayotgan ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar raislari va ilmiy kotiblar ishtirok etdi.

Tadbir davomida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-son qarorining sohaga oid bandlari yuzasidan axborot berildi. Shuningdek, ilmiy kengashlar faoliyatida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va ularni tartibga solishning asosiy tamoyillari muhokama qilindi.

Kelgusida universitet Kengashida ixtisoslashgan Ilmiy kengashlar faoliyati hisoboti tinglanishi aytib o‘tildi.