Kecha xabar berganimizdek, ayni kunlarda CAEx — O‘zbekiston xalqaro ko‘rgazmalar markazida “InnoWeek-2025” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

Nufuzli tadbir doirasida mahalliy va xalqaro oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘zlarining ilg‘or ishlanmalari, innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini namoyish etmoqda.
Haftalikning ikkinchi kunida O‘zbekiston Prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova O‘zbekiston Milliy universiteti pavilyoniga tashrif buyurib, universitet olimlari va tadqiqotchi talabalari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-innovatsion ishlanmalar bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan olib borilayotgan “Sanoat va ishlab chiqarish korxonalari oqova suvlarini yuksak suv o‘simliklari yordamida biologik tozalash” nomli ilmiy loyiha taqdim etildi. Loyiha sanoat chiqindilarining ekologik xavfsiz usullar bilan zararsizlantirilishi, bioxilma-xillikni saqlash va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan.

Mazkur innovatsion tashabbusga katta qiziqish bildirilib, kelgusida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda yanada kengaytirib, loyihani amaliyotga joriy etish bo‘yicha fikr almashildi.