Malakali kadrlar tayyorlashda o‘quv jarayonini bozor talablariga moslashtirish, ta’lim jarayonini ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integrasiyasi tamoyillari asosida olib borish hamda o‘quv dasturlarini kadrlar buyurtmachilarining talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqish muhim omil sanaladi.
Shuningdek, iqtisodiyot va ishlab chiqarish sohalari hamda tarmoqlarining kengayib borishi ta’lim jarayonida zamonaviy raqamli texnologiyalarni qo‘llash va o‘qitishning yangicha innovasion yondoshuvlarini joriy etishni talab etadi.
Bugun, 24 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB vakillari bilan ta’limda hamkorlik yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu uchrashuvda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Anvarjon Ergashev, Axborot texnologiyalar departamenti direktori Abrorjon Kenjayev hamda Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti dekani Zafar Raxmonovlar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida biznes jarayonlar va boshqaruv sifatini oshirish va optimallashtirish hamda bank tizimida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish, bank sohasi uchun analitik, kiberxavfsizlik va dasturiy ta’minotlar yaratish bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash hamda ularni bank faoliyatiga keng jalb etish yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zsanoatqurilishbank” bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Kiberxavfsizlik” laboratoriyasini yanada boyitish, iqtidorli talabalar uchun bank stipendiyasini ta’sis etish, bank tomonidan talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-qo‘vvatlash, matematika, kiberxavfsizlik va dasturlash bo‘yicha olimpiadalar tashkil etishga kelishib olindi.
O‘zMU Axborot xizmati