Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

“Iqtisodiy va moliyaviy strategiya” darsligi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bugun, 15-may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “Iqtisodiy va moliyaviy strategiya” darsligining o‘zbek tilidagi tarjimasi taqdimoti o‘tkazildi. M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti professori, iqtisod fanlari doktori, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, jahonga mashhur strateg Vladimir Lvovich Kvintning “Iqtisodiy va moliyaviy strategiya” nomli darsligi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti olimlari tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

Darslik professor Kvint Vladimir Lvovich rahbarligidagi mualliflar jamoasi tomonidan yozilgan bo‘lib, mualliflar orasida Kostroma oblastining sobiq gubernatori Igor Albin, Rossiya Federatsiyasi energetika vaziri Sergey Sivilev kabi davlat arboblari ham bor. Darslikda strategiya nazariyasining falsafiy asoslari, strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirish metodologiyasi, mintaqaviy va tarmoq strategiyalashtirish, strategiyaning moliyaviy asoslari, strategik yetakchilik va strategik boshqaruv masalalari yoritilgan.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohruh Daliyev, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, darslik mualliflari, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining vakillari, Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, “Yosh strateg” to‘garaklari tashkil etilgan maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.

 

Tadbirni rektor Inom Madjidov kirish so‘zi bilan ochib berib, o‘z so‘zida keyingi yillarda dunyo mamlakatlari orasida siyosiy va iqtisodiy kelishmovchiliklar kuchayib borayotganligi, bunday sharoitda har bir davlat bir necha o‘n yillik istiqbollarni hisobga olgan holda rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidlab, buning uchun esa yuksak strategik tafakkurga ega mutaxassislar tayyorlash eng muhim vazifalardan biriga aylanganiga e’tibor qaratdi.


O‘zbekiston Milliy universitetida Moskva davlat universiteti bilan hamkorlikda “Davlat va korporativ strategiyalar” kafedrasi tashkil etilgan bo‘lib, ushbu mutaxassislik bo‘yicha magistrantlar tahsil olmoqda. O‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan mazkur darslik professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun foydali resurs bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohruh Daliyev ushbu kitobning ahamiyati haqida gapirib, uning nafaqat oliy ta’lim tizimida talabalarni o‘qitish, shu bilan birga, vazirliklarda, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat olib boradigan mutaxassislar uchun ham muhim amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishiga e’tibor qaratdi.
Tadbir mehmonlari, Moskva davlat universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Irina Novikova hamda iqtisodiyot fanlari nomzodi Galina Zadorojnaya ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Iqtisodiyot fanlari doktorlari, professorlar Avazbek Sodiqov, Abdurahim Vahobov, Shuhrat Yo’ldoshev kabi taniqli iqtisodchi olimlar kitobning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda hamda ushbu yo‘nalishda malakali kadrlarni tayyorlashdagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tdilar.

O‘zMU Axborot xizmati