Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Issiqko‘lda O‘zbekistonning “Bo‘ston Resort” dam olish va davolash majmuasi barpo etildi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyatida joylashgan “Bo‘ston Resort” pansionati jahon standartlari darajasida to‘liq rekonstruksiya qilindi.


Purviqor Tyan-shan va Olatog‘ tog‘lari orasida joylashgan, dunyodagi eng yirik tog‘ ko‘llaridan biri hisoblangan Issiqko‘lning janubiy qirg‘og‘ida barpo etilgan mazkur zamonaviy majmua hozirgi kunda ilm ahli, olimu professorlar, ziyolilar, ijodkorlar uchun o‘ziga xos dam olish va sog‘lomlashtirish maskaniga aylanmoqda.
Quvonarlisi, rektor tashabbusi bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 10 nafar professor-o‘qituvchilari “Bo‘ston Resort” pansionatiga dam olish uchun yuborildi. Ayni shu yilning 31-iyulidan 7-avgustiga qadar tashkillashtirilgan dam olish xarajatlari to‘liq universitet mablag‘lari hisobidan qoplandi.


Ushbu majmua jami 400 o‘rinli bo‘lib, iliq va issiq kunlarda 400, qish faslida esa 200, yil davomida qariyb 5 ming nafarga yaqin kishini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, yangi sihatgoh gastroenterologiya, kardiologiya, nevrologiya, endokrinologiya, urologiya, tayanch harakat, nafas yo‘llari kabi xastaliklarni davolashga ixtisoslashtiriladi.


Mazkur pansionatning foydalanishga topshirilishi O‘zbekistonda Kasaba uyushmasi xarakatiga 120 yil to‘lishi bayramiga ajoyib tuhfa bo‘lib, nafaqat mintaqa turizmini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, balki ilm yo‘lidagi hamkorlikni mustahkamlash, xalqlarimizning azaliy birodarligini ta’minlashga, hamkorlikdagi umumiy maqsadlarni ko‘zlagan yangi loyihalarni kengayishiga katta xissa qo‘shadi.

O‘zMU Axborot xizmati