Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Italiya universitetlari vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘ldi

Italiya universitetlar va tadqiqotlar vazirligi, tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi hamda Italiya elchixonasi mas’ulligida bir necha universitetlar vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati bilan uchrashdi.

Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi koordinatori Federiko Failla, universitetlar va tadqiqotlar vaziri maslahatchisi Marko Farchi, Ka Foskari universiteti professori Karlo Frappi, Bikokka universiteti vakili Maurisio Akkiarri, Superiore Sanita instituti vakili Enriko Veshetti, Bolonya universiteti vakili Andrea Zinzani va boshqa mutaxassislar ishtirokidagi delegatsiya muhim masalalar bo‘yicha fikr almashdi.

Mehmonlarni qabul qilgan O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov dastlab mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi, so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilgan ishlar xususida hamda universitet faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

Ekologiya va atrof muhit, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta tiklanuvchi energiya sohalarida mavjud global muammolarni bartaraf etish, tegishli sohalarni rivojlantirish yuzasidan keng qamrovli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha takliflar bildirildi.

O‘zbekiston Milliy universitetining koordinatorligida Italiya hamda Markaziy Osiyodagi oliy ta’lim muassasalari hamkorligini o‘rnatish va shu orqali xalqaro aloqalar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha zarur sa’y-harakatlar belgilab olindi.

 

O‘zMU Axborot xizmati