Bugun, 25-iyun kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Janubiy Koreyaning Konkuk universiteti bilan hamkorlikda “Xalqaro migratsiyaning iqtisodiy va huquqiy jihatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur anjumanda Janubiy Koreya tomonidan Hyundai Motor Chung Mong-Ku fondi direktorlar kengashi raisi Chung Musung, Fond biznes jamoasi rahbari Sho Hyun Jin, Konkuk universiteti yuridik fakulteti dekani, Migratsiya va ijtimoiy integratsiya tadqiqot markazi direktori Choi Yuncheol hamda boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zMU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida ko‘pgina sohalar qatori ta’lim tizimida ham hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganligini qayd etdi.
Janob Chung Musung hamda Choi Yuncheollar mavzu xususida o‘z tajribalarini ulashib, kelgusida O‘zbekiston Milliy universiteti bilan ko‘p qirrali faol hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Konferensiya yalpi majlisida xalqaro mehnat migratsiyasi, O‘zbekistondagi hozirgi tendensiyalar, mamlakatning xalqaro mehnat bozoridagi ishtiroki, Koreyadagi xalqaro nikoh va fuqarolik huquqi, immigratsion kelib chiqishi bo‘lgan bolalar uchun ovozsiz psixoterapiyaning ta’siri kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilinib, fikr almashildi.
Konferensiya yakunida O‘zbekiston Milliy universiteti va Janubiy Koreya universiteti Konkuk universiteti o‘rtasida ilmiy tadqiqot sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, iqtidorli talabalarining Hyundai Motor Corporation fondi tomonidan xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha amaliyot o‘tashlarini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
O‘zMU Axborot xizmati