
O‘zbekiston Milliy universitetida akademik Shavkat Orifjonovich Alimovning 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Matematik fizikaning zamonaviy usullari va ularning qo‘llanilishi” mavzusidagi respublika ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.


Tadbirni universitet rektori, professor Inom Madjidov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Rektor o‘z nutqida akademik Shavkat Alimovning O‘zbekistonda matematik fizika fanining rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida ta’kidladi hamda ushbu konferensiyaning respublika va xalqaro miqyosda ilmiy hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.


Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ham ishtirok etdi. Vazir o‘z nutqida akademik Shavkat Orifjonovich Alimovning ilm-fan rivojidagi ulkan xizmatlarini yuksak e’tirof etdi hamda ushbu konferensiyani O‘zbekiston ilmiy salohiyatining yorqin namoyishi sifatida baholadi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali, Gent tahlil va PDE markazi (Belgiya) hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etildi. Tadbirning rasmiy hamkorlari sifatida Central Asian University va Korzinka kompaniyasi faol ishtirok etdi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi matematik fizika sohasidagi dolzarb nazariy va amaliy masalalarni muhokama qilish, xalqaro tajribalar bilan o‘rtoqlashish, fundamental va qo‘llanma tadqiqotlar o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlash va istiqbolli ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirishdan iborat.

Konferensiyada 18 davlatdan jami 250 dan ortiq ishtirokchi qatnashib, 500 dan ortiq ilmiy maqola taqdim etildi. Shundan 345 tasi ilmiy kengash tomonidan saralangan bo‘lib, 129 tasi xorijiy mualliflarga, 216 tasi esa O‘zbekistonning 20 dan ortiq oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalariga tegishli.
Taqdim etilgan ma’ruzalar orasida matematik modellashtirish, kasrli va differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi, funksiyalar nazariyasi va zamonaviy algebra-geometriya masalalari keng yoritildi.

Mazkur anjuman yosh tadqiqotchilar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Ular o‘z ilmiy ishlanmalarini namoyish etish, sohaga oid ilg‘or tajribalarni o‘rganish va yetuk mutaxassislar bilan bevosita fikr almashish imkoniga ega bo‘lishdi.
Konferensiya davomida bildirilgan ilg‘or g‘oyalar va ilmiy natijalar yangi dissertatsiyalar, ilmiy maqolalar va amaliy yechimlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Tadbir, shuningdek, matematik fizika va unga aloqador fanlar bo‘yicha O‘zbekistonda ilmiy hamkorlik, innovatsion izlanishlar va akademik almashinuvni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zMU Axborot xizmati