O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Milliy universitetida “Mening Konstitutsiyam va davlat tilim” mavzusida ommaviy diktantlar tanlovi o‘tkazildi. Mazkur tadbir mamlakatimizda konstitutsiyaviy madaniyatni yuksaltirish, yoshlarning davlat tiliga hurmatini oshirish hamda ularning savodxonlik darajasini mustahkamlashga qaratilgan muhim ma’rifiy jarayon sifatida tashkil etildi.
Tadbirni universitetning birinchi prorektori Jabbor Muhammadiyev ochib berib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi. U o‘z nutqida Konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni, davlat tilining nafaqat muloqot vositasi, balki milliy o‘zlik va ma’naviyatning muhim tarkibiy qismi ekani haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Diktant tanlovida talabalar o‘zlarining yozma nutq madaniyati, imlo savodxonligi, mustaqil fikrlashi hamda davlat tiliga bo‘lgan chuqur hurmatini namoyon qildi. Ularning faol ishtiroki tadbirning maqsadlariga to‘liq mos kelib, yoshlar o‘rtasida til va qonun ustuvorligi borasidagi bilimlarni keng targ‘ib qilishga xizmat qildi.
Hozirda tanlov ishlari saralash bosqichida bo‘lib, diktant natijalari tez orada ommaga e’lon qilinadi. Ushbu tanlov nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki yoshlarning bilimga intilishi, savodxonlikni oshirish hamda davlat tilining jamiyatdagi nufuzini mustahkamlashga qo‘shimcha turtki berishi bilan ahamiyatlidir.